Millatimiz faxri bo‘lgan ulug‘ Alisher Navoiy ijodida avval iymon, keyin islomning badiiy talqini yotadi.
Inson faqat solih amallari bilangina emas, balki ma'naviy olami, qalb, iymon pokligi bilan ajralib turishi zarurligi buyuk shoir ijodida o‘z ifodasini topgan. Ya'ni, odamzod avval o‘zini anglab, so‘ng ilohni taniydi, aqliy taraqqiyotga erishishi bilan ruhiy kamolotga ham yetadi.
O‘z-o‘zini boshqarish va nazorat qilish, tuzatish orqali uning axloqi xatti-harakat me'yoriga aylanadi.
Navoiy nazarida komil inson birdaniga emas, balki tariqat bosqichlari orqali erishiladigan odamiylikning yuksak sifatidir. Komil inson go‘zal axloqli, zohiriy va botiniy ilmlarni egallagan kishidir. Tasavvufning turli mazhablari bo‘lgan tariqatlar, jumladan, Naqshbandiya tariqati ham o‘z usul va vositalari orqali inson qobiliyati, ruhiyati va axloqini o‘rganish, uni tarbiyalab, to‘g‘ri yo‘lga boshlash bilan shug‘ullanadi. Hazrat A.Navoiy «Mahbub-ul qulub» asarida: «Odamiy shariful kovnayndur» («Odam ikki dunyoning eng aziz va sharif maxluqidir»), deydi. Uningcha, insondagi ilohiy ruh bilan uning tabiiy asosi bo‘lgan jism o‘zaro kurashadi.
Ruh qancha yuksalsa, u hayvoniy hislarini yengadi. Bobomizning Naqshbandiya tariqatini chuqur o‘rganib va uni tahlil qilishdan maqsadi inson umri va dunyo taraqqiyotining mohiyatini, ibratli hayot timsolini ilmiy-badiiy aks ettirib, uni kelajak avlodga meros qoldirishdan iboratdir. Buyuk mutafakkir insonni ulug‘lab, xalq uchun o‘z kuchi va iste'dodini to‘laligicha bag‘ishladi va bular bilan Naqshbandiya tariqatining haqiqiy davomchisi ekanligini ko‘rsatdi: